Mazmunan boy va teran, shaklan pishiq va go‘zal falsafiy ruboiylari tufayli «Xorazm Xayyomi» nomi bilan shuhrat qozongan bu ulug‘ inson Pahlavon Mahmud, Puryorvaliy deb dovrug‘ taratgan hassos shoir, yengilmas pahlavon va mashhur avliyodir. Eron, Hind kabi ko‘plab Sharq mamlakatlaridagi kurash musobaqalarida qatnashib, hamisha zafar quchgan, bir umr kuragi yerga tegmay, mamlakatning birinchi polvoni, pahlavonlar peshvosi bo‘lgan.
Ko‘pgina manbalarda shoirning «Kanz ul-haqoyiq» («Haqiqatlar xazinasi») nomli masnaviysi borligi aytiladi. Ammo Yo. Ishoqovning ma’lumot berishicha, eronlik olim Said Muhammad Ali Safir 1967 yili uni Mahmud Shabustariyga nisbat berib, nashr ettirgan.
Pahlavon Mahmud «din nazariyasi, falsafa va mantiqqa doir bir necha risolalar yozgan» bo‘lsa-da, ular hozirgacha topilgan emas. Pahlavon Mahmudning vasiyatiga ko‘ra shogirdlari uni o‘zining po‘stindo‘zlik do‘koni atrofiga dafn etganlar. Keyinchalik u qabr ustida maqbara tiklanib, avliyo poyiga Qo‘ng‘irot urug‘idan bo‘lgan Xiva xonlari ko‘milgan. Bu maqbara nodir me’morchilik yodgorligi sifatida mana necha asrdirki, barchaning diqqatini o‘ziga tortib kelmoqda. Dunyoning turli burchaklaridan kelayotgan sayyohlar bu buyuk insonning qabrini ziyorat qiladilar. Maqbara devorlariga shoir ruboiylari darj etilgan.
Ilovamizni baholang va izoh yozinshni unutmang va uni do'stlaringiz bilan baham ko'ring.