O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi “Attraksion nazorati” mobil ilovasi istirohat bog‘lari attraksionlaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olish yuzasidan jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish maqsadida istirohat bog‘larida xavfsizlikni yaxshilash, hodisalarning oldini olish va tahdidlarga tezkor javob berishga qaratilgan.
“Attraksion nazorati” mobil ilovasining asosiy maqsadi istirohat bog‘lari attraksionlaridan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar haqida xabar berishdan iborat.
Mobil ilova:
- istirohat bog‘lari tashrif buyuruvchilari tomonidan attraksionlardan foydalanishdagi huquqbuzarliklar to‘g‘risida tezkor xabar berish;
- tashrif buyuruvchilar tomonidan yuborilgan murojaatlarning holati, ijrochilari hamda ijro muddatlari to‘g‘risidagi ma’lumot olish;
- mobil ilova orqali kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish, qayta ishlash orqali attraksionlardagi umumiy muammolarni aniqlash;
- istalgan vaqt va masofadan turib 24/7 rejimida murojaatlarni shakllantirish va yuborish;
- ro‘yxatdan o‘tishda OneID “Yagona identifikatsiya tizimi”dan foydalanish;
- ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar uchun mobil ilovaga tez va oson kirish va unda ishlashni davom ettirish;
- tegishli fayl va ma’lumotlarni yuklash va olish;
- o‘zbek va rus tilidan foydalanuvchining ixtiyoriga ko‘ra foydalanish imkoniyatini beradi.
“Attraksion nazorati” mobil ilovasi foydalanuvchi uchun qulay va oson menyu va interfeysga ega bo‘lib, istirohat bog‘lariga tashrif buyuruvchilar to‘g‘ridan to‘g‘ri mobil ilova orqali huquqbuzarliklar to‘g‘risida murojaat yuborish, uning ijro muddati, mas’ul ijrochilari va holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan tanishib chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, mobil ilovada shaxsiy ma’lumotlar va axborot xavfsizligini ta’minlashda bugungi kundagi zamonaviy uslub va tamoyillardan foydalanilgan.