Zokirjon Xolmuhammad oʻgʻli Furqat — milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyotining zabardast vakillaridan biri. U shoir va adib, adabiyotshunos va muarrix, elshunos va mutarjim sifatida oʻzidan boy maʼnaviy meros qoldirdi. Shuningdek, Furqat zamonasining mashhur xattotlaridan edi. Furqat 1859-yili Xoʻqand shahrida tugʻildi. Yoshligidanoq Muqimiy, Muhyi, Zavqiy, Nisbat, Muhayyir kabi shoirlar muhitida qizgʻin ijodiy faoliyat bilan mashgʻul boʻldi. Furqatning shoir sifatidagi kamoloti ayni shu davrda boshlangan.